Agrobank.uz

Agrobank bilan tadbirkorlik – xalq uchun farovonlik

05.01.2017
Agrobank bilan tadbirkorlik – xalq uchun farovonlik

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2016-yilning 14-dekabr kuni Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi nutqida xalq bilan yanada yaqin bo‘lish, aholini tadbirkorlikka jalb qilish, shu orqali ularning turmush farovonligini yanada oshirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash maqsadida tijorat banklarining oldiga ham bir qator ulkan vazifalar qo‘yib, zarur yo‘l-yo‘riqlar va ko‘rsatmalar berdi.

Shundan kelib chiqib, “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki ham 2017-yil, ya’ni “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ustuvor vazifalarni belgilab oldi. Bu borada 2017-yilda mamlakatimizda xususiy tadbikorlik va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, aholining bankka nisbatan ishonchini oshirish hamda yangi ish o‘rinlari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan amalga oshiriladigan kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, “Oddiy aholini tadbirkor qilish” shiori ostida aholini sohaga yanada kengroq jalb qilish, ularning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, tashkiliy va moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida bank tomonidan amaliy ishlar boshlab yuborildi.

Jumladan, tasdiqlangan kompleks dasturni amaliyotga to‘la tadbiq etish maqsadida bankning Markaziy apparatida maxsus boshqarma tashkil etildi. Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyat boshqarmalari hamda mavjud 177 ta filialda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va mikrokreditlar berish uchun alohida bo‘limlar ish boshladi. Ushbu yangi boshqarma va bo‘limlarga 577 nafar malakali mutaxassislar ishga qabul qilindi.

“Agrobank” ATB tomonidan aholini tadbirkorlik turlariga keng jalb qilish, ayniqsa, shaxsiy tomorqalardan samarali foydalanishlarini tashkil etish maqsadida 2017-yilda respublikamizning barcha hududlaridagi 1,300 milliondan ziyod xonadonni qamrab olish rejalashtirilgan.

Buning uchun aholi bilan muloqotlarni sifatli tashkil etishga qaratilgan maxsus jadval ishlab chiqildi. Ana shu jadval asosida qishloq hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan hamkorlikda joylarda aholi bilan uchrashuvlar qizg‘in davom etmoqda. Ularga bugun tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida mamlakatimizda boshlangan yangi bosqichdagi islohotlarning mazmun-mohiyati, tadbirkorlikdan keladigan davlat hamda xalq manfaatlari xususida batafsil tushuncha va ma’lumotlar berilmoqda.

Bundan tashqari, har bir xonadonga bank tomonidan maktublar yo‘llanmoqda. Unda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida hamda aholining tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishlarini aniqlashga qaratilgan maxsus so‘rovnomalar ham yuborilmoqda. Ayni kunga qadar 300 mingdan ziyod xonadonga ana shunday maktublar jo‘natildi.

 

Press relizni to'liq matnini bu yerdan yuklab oling.

Если увидели ошибку выделите данный текст и нажмите CRTL+ENTER
Hamma yangiliklar