Agrobank.uz

Agrobank matbuot konferensiyasini o'tkazdi

20.09.2018
Agrobank matbuot konferensiyasini o'tkazdi

 

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” g'oyasi asosida davlat va jamiyat hayotidagi muhim masalalar bo'yicha o'tkaziladigan brifing va matbuot anjumanlari rejasiga muvofiq, “Agrobank” ATB tomonidan chakana xizmatlarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusiga bag'ishlab matbuot anjumani o'tkazildi. Unda Agrobank Bosh ofisining rahbar va xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Anjumanda ta'kidlandiki, Prezidentimizning 2017 yil 2 sentyabrdagi “Valyuta siyostini liberallashtirish bo'yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to'g'risida”gi Farmoni va 2018 yil 23 martdagi “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorining qabul qilinishi aholi va mijozlarga tadbirkoru ishbilarmonlarga, qolaversa, xorijlik investorlar uchun ham qulayliklar yaratib bermoqda.

“Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan ushbu farmon va qarorlar ijrosini ta'minlash borasida zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilib, aholi va bank mijozlarini, shuningdek, kichik biznes sub'ektlari hamda fermer xo'jaliklarini tezkor, ishonchli, innovatsion bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga katta e'tibor qaratilmoqda. Tadbirda soha mutaxassislari innovatsion va interfaol xizmatlar, xususan, aholiga plastik kartalar orqali xizmat ko'rsatish sifatini yanada yaxshilash maqsadida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilayotgani xususida so'z yuritishdi. Jumladan, joriy yilning 1 sentyabr holatiga ko'ra, bank tomonidan aholiga qariyb 2,4 millionta plastik kartalar, xo'jalik yurituvchi sub'ektlar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida 24 mingtadan ortiq korporativ plastik kartalar muomalaga chiqarilib, o'tgan yilning shu davriga nisbatan 125 foizga o'sdi.

Ayni paytda savdo va pullik xizmat ko'rsatish shoxobchalariga joylashtirilgan to'lov terminallari soni esa 31,6 mingtani tashkil etib, o'tgan yilning shu davriga nisbatan 103 foizga o'sishga erishildi. Shuningdek, hududlarda 100 ta bankomat va 420 ta infokioska joylashtirildi. Avval xabar qilganimizdek, joriy yilning oxiriga qadar 300 ta zamonaviy bankomat keltirish ko'zda tutilgandi, ayni paytga qadar bankomatlarning ma'lum qismi olib kelinib, hududlarga joylashtirish ishlari olib borilmoqda. Anjumanda soha mutaxassislari xorijlik sayyohlarga qulayliklar yaratish maqsadida bankning savdo va xizmat ko'rsatish nuqtalariga o'rnatilgan terminallar orqali Xitoyning Chayna Yunion Pay (China Union Pay) xalqaro plastik kartalaridan to'lovlarni qabul qilish imkoniyati yaratilganini alohida ta'kidlab o'tishdi. Internet tarmog'i hamda mobil telefon orqali zamonaviy bank xizmatlaridan foydalanish aholini ushbu xizmatlarga bo'lgan qiziqishi va ishonchini orttirib, bir qator qulayliklar yaratmoqda.Bank jamoasi ham yangi va zamonaviy, interfaol, innovatsion hamda elektron bank xizmat turlarini ko'paytirish borasida doimiy izlanishda.

Ayni paytda “Agrobankmobile” ilovasi bilan mijozlar soliq va bojxona, kommunal, uyali aloqa va shahar telefonlari, internet va televidenie, maktabgacha ta'lim muassasalari hamda sug'urta xizmatlari uchun to'lovlar, joriy yilda yo'lga qo'yilgan yangi xizmat turlari – onlayn konversiya amaliyoti, “Vaqf” xayriya jamoat fondi uchun vaqf to'lovlari, notarius xizmatlari va boshqa to'lovlarni amalga oshirishlari mumkin. Shuningdek, jismoniy shaxslar bir plastik kartadan boshqa so'm va xalqaro plastik kartaga, aksincha, xalqaro plastik kartadan so'm plastik kartaga pul o'tkazish, plastik kartadagi qoldiq mablag'larni ko'rish, qoldiq mablag'lar hisobidan kreditni so'ndirish imkoniyatiga ega bo'ldi.

“Agrobankmobile-biznes” mobil ilovasi orqali esa yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar o'zlarining hisobraqamlaridagi mablag'larni tasarruf etish (boshqarish), tovar va xizmatlar uchun to'lovlarni o'tkazish, vaqt va transport xarajatlarini tejagan holda bankka to'lov hujjatlarini yuborish, istalgan muddat uchun hisobraqamlardan ko'chirmalar olish va turli hisobotlarni shakllantirish va boshqa imkoniyatlar yaratilgan. Ayniqsa, paxta va boshoqli don mahsulotlari etishtiruvchi fermerlar imtiyozli kreditlarni ushbu mobil ilova orqali olish va kerakli ta'minotchi korxonalarga mablag'larni masofadan turib o'tkazish imkoniga ega bo'lishdi. Bugungi kunga kelib, “Agrobankmobile-biznes” ilovasidan foydalanayotganlar soni 40 mingdan oshdi.

Eng muhimi, pul mablag'larini to'lashda elektron to'lovlarni amalga oshiruvchi tashkilotlarning hisobraqamlariga o'tkazishda bankka kelmasdan, to'lovlar plastik kartalar orqali bevosita ularning hisobraqamlaridan xizmat ko'rsatuvchilarning hisobraqamlariga real vaqt rejimida o'tkazilmoqda. Amalga oshirilgan ishlar natijasida bank filiallarida “Internet banking” tizimiga ulangan mijozlarning umumiy soni 36,6 mingtadan, “Mobil-banking” va “Sms-banking” xizmatlaridan foydalanayotgan mijozlar esa 1 million 810 mingtadan ortdi, bu yo'nalishdagi ko'rsatkichlar o'tgan yilning shu davriga nisbatan mos ravishda 105 foizga hamda 141 foizga o'sdi. Anjumanda Agrobank tomonidan xalqaro plastik kartalar tizimini rivojlantirishda ham bir qator ishlar amalga oshirilayotgani ta'kidlandi.

Jumladan, bugungi kunda moliya muassasasi jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun xalqaro plastik kartalarning “Visa Electron”, “Visa Classic” va “Visa Gold” hamda yuridik shaxslar uchun “Visa Business” turlarini taqdim etib kelmoqda. Muomalaga chiqarilgan xalqaro plastik kartalar soni joriy yilning 8 oyida o'tgan yilning shu davriga nisbatan 1,7 barobarga o'sdi. Bank kassalari, valyuta ayirboshlash shoxobchalari hamda konversion bo'limlarda “Visa” xalqaro to'lov kartalarini qabul qiluvchi 400 tadan ortiq terminal o'rnatildi. Joriy yilning noyabr oyida olib kelinishi kutilayotgan zamonaviy bankomatlardan 60 tasi orqali “Visa” xalqaro plastik kartalardan mablag'larni naqdlashtirish hamda milliy va xorijiy valyutadagi mablag'larni avtomatik ravishda almashtirish imkoniyatlari yaratiladi.

Istiqbolda “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan mijozlarga ma'lum bir limit asosida avtomatlashgan online kredit ajratish, jismoniy shaxslarga plastik kartalar orqali (mikro'qarz) kreditlari ajratish ko'lamini kengaytirish, yangi va jozibador ijtimoiy yo'naltirilgan “Oilaviy” hamda “Kobeydj” kartalarini muomalaga chiqarish rejalashtirilgan. Tadbirda bank tomonidan aholi va mijozlar uchun taklif etilayotgan qulay va zamonaviy, masofadan turib boshqarish imkoniyatiga ega omonat turlari bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ham ma'lumot berib o'tildi. Xususan, aholini omonatlarga jalb qilish maqsadida hozirgi kunda bank tomonidan jami 17 turdagi omonat, shundan 14 ta milliy va 3 ta xorijiy valyutadagi omonat turlari joriy etilib, omonatlarga jalb qilingan mablag'lar 1 226,1 milliard so'mni tashkil qilmoqda. Ushbu ko'rsatkich yil boshiga nisbatan 238,3 milliard so'mga yoki 124 foizga o'sgan.

Eng muhimi, mijozlarga zamonaviy bank xizmatlari ko'rsatish va ularga qulayliklar yaratish maqsadida masofadan turib plastik kartadagi mablag'lar hisobidan bankka bormasdan “Online” hisobraqam ochish hamda ushbu hisobraqamlardagi mablag'larni mijozlar elektron tarzda boshqarish imkoniyatlariga ega bo'lishdi. “Agrobank” ATB jamoasi ham yurtimiz iqtisodiyotini yanada taraqqiy ettirish, aholini tadbirkorlikka jalb etish va ularning biznes loyihalarini moliyaviy qo'llab-quvvatlash, shuningdek, innovatsion, interfaol va elektron bank xizmatlarini yanada rivojlantirish yo'lida o'zining munosib hissasini qo'shaveradi.

“Agrobank” ATB Matbuot xizmati

Если увидели ошибку выделите данный текст и нажмите CRTL+ENTER
Hamma yangiliklar