Agrobank.uz

Matbuot markazida brifing o'tkazildi

26.06.2018
Matbuot markazida brifing o'tkazildi

PRESS RELIZ

“Agrobank” ATB Matbuot xizmati, Toshkent shahri, Muqimiy ko'chasi 43-uy Tel: 202-80-08 ichki raqam – 11073, 11074; Elektron pochta: agrobank-matbuot@umail.uz, telegram: https://t.me/AgrobankChannel, facebook: https://www.facebook.com/agrobankuzbekistan

 

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” g'oyasi asosida davlat va jamiyat hayotidagi muhim masalalar bo'yicha o'tkaziladigan brifing va matbuot anjumanlari rejasiga muvofiq, “Bank tomonidan aholining ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va faol tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida brifing tashkil etildi.

Unda Agrobank Bosh ofisining rahbar va xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Brifingda ta'kidlandiki, davlatimiz tomonidan tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash borasida qabul qilingan ko'plab me'yoriy-huquqiy hujjatlarning hayotga tatbiq etilishi natijasida aholining tadbirkorlikka bo'lgan qiziqishlari tobora oshib bormoqda.

Eng muhimi, Prezidentimiz tashabbusi bilan oddiy aholini tadbirkor qilish bo'yicha olib borilayotgan keng ko'lamli ishlar tufayli ko'plab yurtdoshlarimizning ishbilarmon bo'lish orzulari ushalmoqda. Ayniqsa, mamlakatimizda biznes faoliyatini boshlash istagidagi kishilar tashabbusi har tomonlama qo'llab-quvvatlanayotgani, ishbilarmonlarga qo'shimcha imtiyoz va engilliklar berilayotgani bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

“Agrobank” aktsiyadorlik tijorat banki Faol tadbirkorlik, innovatsion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yilida xususiy tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, aholining bankka nisbatan ishonchini yuksaltirish hamda yangi ish o'rinlari tashkil etish borasida kompleks chora-tadbirlar olib bormoqda.

Jumladan, bank tomonidan joriy yilning 1 iyun holatiga tadbirkorlik sub'ektlariga 674 milliard so'm, shundan aholi tadbirkorligini qo'llab-quvvatlashga 193 milliard so'm miqdorida mikrokreditlar ajratildi. Shu bilan birga, tadbirkor ayollarning loyihalarini moliyalashtirishga 72 milliard so'm kreditlar berildi. Bundan tashqari, aholining turmush sharoitlarini yaxshilash uchun 315 milliard so'mdan iste'mol, avtokredit va overdarfat kreditlari ajratildi.

Tadbirda davlatimiz rahbarining 2017 yil 17 noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan bank tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilayotgani xususida so'z bordi.

Xususan, hunarmandchilikni rivojlantirish maqsadida joriy yilning yanvar oyida O'zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasi bilan 120 mlrd. so'm miqdorida resurs jalb qilish bo'yicha shartnoma imzolandi va imtiyozli shartlarda kreditlar ajratilmoqda.

Shuningdek, Prezidentimizning 2018 yil 26 apreldagi “Fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa er egalari faoliyatini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga asosan hududlarda aholiga tomorqa xizmatlari ko'rsatishni kengaytirish maqsadida “Tomorqa xizmati” korxonalariga banklar tomonidan kreditlar ajratilishi belgilangan.

Mazkur qaror doirasida hududlarda tashkil etilgan “Tomorqa xizmati” MChJlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa er egalariga turli xizmatlar ko'rsatish, jumladan, ularga urug', ko'chat va daraxtlar ekish, issiqxonalar qurish, chorvachilik, parrandachilik va boshqa tarmoqlarni rivojlantirishlari uchun Fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa er egalari kengashi qoshida tashkil etilgan jamg'arma hisobidan 50 milliard so'm miqdorida kreditlarni yillik 7-14 foiz bilan imtiyozli shartlarda ajratish ko'zda tutilgan.

Bugungi kunda respublika bo'yicha Agrobank filiallari orqali hisobraqam ochgan 54 ta “Tomorqa xizmati” korxonasi tomonidan 1635 ta mahallaning 1 million 234 mingdan ziyod xonadon qamrab olinmoqda.

Brifingda Prezidentimizning 2018 yil 7 iyundagi “Har bir oila – tadbirkor” dasturini amalga oshirish to'g'risida”gi qaroriga asosan kreditlar ajratish borasida olib borilayotgan ishlarga ham to'xtalib o'tildi.

Jumladan, qarorda belgilanganidek, tijorat banklari oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun eng kam ish haqining 150 baravarigacha miqdordagi imtiyozli kreditni hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo'yicha sektorlar rahbarlari va mahalla fuqarolar yig'ini tavsiyanomalari asosida ajratiladi.

Ushbu qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Agrobank tomonidan joriy yil davomida 146 milliard so'm kredit mablag'lari ajratilishi rejalashtirilgan. Ayni shu kunlarda bu boradagi amaliy ishlar Andijon va Farg'ona viloyatlarida boshlab yuborildi.

Shuningdek, brifingda Prezidentimizning 2018 yil 23 martdagi “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori ijrosi doirasida bank xizmatlari ommabopligini yanada oshirish, aholi va mijozlarga innovatsion, qulay, ishonchli bank xizmatlarini ko'rsatishni yanada yaxshilash maqsadida olib borilayotgan ishlar xususida ham ma'lumot berildi.

Jumladan, bank filiallarida xorijiy VISA kartadagi mablag'larni naqd shaklda olish imoniyati yaratilib, “Agrobankmobile” ilovasi orqali esa milliy valyutani xorijiy valyutaga konvertatsiya qilish yo'lga qo'yildi.

Shuningdek, paxta xomashyosi va boshoqli don etishtiruvchi fermer xo'jaliklari uchun “Agrobankmobile-biznes” dasturi orqali onlayn tarzda masofadan turib imtiyozli kreditlarni o'zlashtirish va zarur ma'lumotlarni olish imkoniyati yaratildi. Buning hisobiga fermerlarning vaqti va ortiqcha sarf-xarajatlari keskin qisqarmoqda. Ayni paytga qadar 28 mingdan ziyod fermer xo'jaligi ushbu mobil ilovaga ulanib, masofadan turib hisobraqamlaridagi mablag'larini boshqarib kelmoqda.

“Agrobank” ATB matbuot xizmati

 

  

Если увидели ошибку выделите данный текст и нажмите CRTL+ENTER
Hamma yangiliklar