Yangiliklar
451
YANGI YIL TABRIGI

YANGI YIL TABRIGI 
 

Aziz va muhtaram do‘stlar!
Qadrli bank mijozlari!

Sizlarni kirib kelayotgan Yangi — 2021 yil bilan bank Boshqaruvi nomidan samimiy tabriklayman.

Barchangizga sihat-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, oilangizga farovonlik va kasbiy faoliyatingizda katta muvaffaqiyatlar tilayman.

O‘tib borayotgan 2020 yil dunyo miqyosidagi pandemiya sababli barchamiz uchun jiddiy sinovlar yili bo‘ldi. 

Mana shunday sinovli davrda Sizlar bilan yelkama-yelka turib, yil davomida oldimizda turgan barcha vazifalarni sharaf bilan uddaladik, bankning barcha iqtisodiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha salmoqli o‘sishga erishib, xalqaro maydonda ham, yurtimiz iqtisodiy sektorida ham o‘z faolligimizni namoyon eta oldik. 

Albatta, bu yutuqlar o‘z-o‘zida bo‘lgan emas. Bularning zamirida avvalo Sizlarning sharafli mehatingiz bo‘lsa, muhtaram Prezidentimiz hamda Hukumatimizning bank-moliya sohasini qo‘llab-quvvatlashi, yuksak e’tibori ham ishimiz samaradorligi uchun beqiyos natija berdi.

Mamlakatimiz taraqqiyotida “Yangi O‘zbekiston” davri boshlanib, yangi asriy o‘zgarishlarga qadam qo‘yildi. Mana shu yo‘lda Agrobankning ham munosib xizmatlari borligi barchamizni quvontiradi.

Shuni ishonch bilan ta’kidlashni istardimki, 2021 yil ham aholiga va mijozlarga keng ko‘lamli qulay va sifatli zamonaviy bank xizmatlarini ko‘rsatish, xizmatlarning yanada jozibador yangi turlarini taklif etish, tadbirkor va ishbilarmonlarning biznes-loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ustuvor ishlar davom ettiriladi.

Barchangizga ma’lumki, yangi 2021 yilda oldimizda g‘oyat mas’uliyatli va bajarilishi zarur bo‘lgan ulkan vazifalar  turibdi. 

Ushbu vazifalarni bajarishda, xalqimiz turmush farovonligini oshirish va yurtimiz iqtisodiyotini yanada taraqqiy ettirishdagi ezgu sa’y-harakatlar yo‘lida Sizlarga kuch-quvvat, sog‘lik-salomatlik, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Yangi – 2021 yil barchangizga muborak bo‘lsin!
 
Hurmat bilan, Boshqaruv raisi Rustam Mamatqulov