Yangiliklar
392

TIL – MILLAT MAVJUDLIGI BELGISI

Ma’naviyatning muhim asoslaridan biri bu til va ma’naviy merosga munosabatdir. Yurtimizda bu sohaga qaratib kelinayotgan uzluksiz va qat’iy e’tibor hatto ayrim rivojlangan davlatlarda kuzatilmaydi. Vatanimizda til va adabiyot, ma’naviyat va ma’rifatga millat kuzgusi va xalq ruhi sifatida qaraladi.

O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev aytganidek: “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir. Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin”.

Biroq bunday yondashuv hamisha, hamma xalqlar va ularning maqsadlarida ham mavjud emas.

Ma’lumotlarga ko‘ra sayyoramizda yashayotgan aholi taxminan 7117 dan ortiq til va shevalarda gaplashadilar va  bugungi kunga qadar 500 ta atrofidagi tillar bilangina bog‘liq turli  hajmdagi tadqiqotlar amalga oshirilgan.

Bir necha minglab tillar o‘z yozuviga ega bo‘lmasa, yana shunchaga yaqin tillarda yashab keladigan adabiy meros yozma shaklga kiritilmaganligi va hozirgi vaqtga kelib 400 dan oshiq til va 1000 dan ortiq tillardagi adabiy meros yo‘q bo‘lib ketish arafasida ekanligi ma’lum.

Yer yuzi aholisining 80 foizi 80 ga yaqin tillarda, 3,5 ming tilda esa yer aholisining bor-yo‘g‘i 2 foiz aholisi gaplashadi.

Globallashuv va megrasiya jarayonlari tillarning yo‘qolishidagi eng muhim sabablar qatoriga kiradi. Bu jarayonlarning tezlashuvi oqibatida XXI asr davomida 3,5 dan ortiq tillar yo‘qolib ketish arafasida turibdi. YUNESKO ning “Yo‘qolib borayotgan tillar atlasi”da keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra Yevropada bunday tillar 50 tani tashkil etadi. Bu borada rikord o‘rnatishi mumkin bo‘lgan qit’alar esa Avstraliya, Hindixitoy, Amerika, Afrika  hisodlanadi.

Bugun dunyoda eng ko‘p odamlar gaplashadigan tillar qatoriga xitoy, ingliz, hind, ispan, arab, rus, bengal, portugal, indonez va fransuz tillari kiritilsada ingliz, nemis, arab, portugal, ispan, fransuz va rus tillari xalqaro darajada foydalaniladigan tillar mavqeini qo‘lga kiritgan. Ingliz, arab, ispan, xitoy, fransuz rus tillari BMT rasmiy tillari hisoblanadi.

Dunyo xalqlarining faqat 50 ga yaqinida, shu jumladan o‘zbek xalqida til va uning yozma ifodasi to‘la shakllangan hisoblanadi. 20 ga yaqin xalqlardagina til va undagi adabiy meros ancha qadim zamonlardan buyon o‘rganib kelinadi va bugun ularda o‘z ona tillari va unda yaratilgan yozma hamda og‘zaki merosni tadqiq etuvchi mustaqil oliy o‘quv muassasalari faoliyat olib boradi.

Ko‘plab xalqlar, millatlar va elatlar o‘zlarining bugunga qadar mavjudliklarining eng asosiy sababi tillari ekanligini hatto tasavvur ham qila olmaydilar. Vaholanki, har qaysi xalqning ona tili va adabiyoti uning milliy ruhi va o‘zligining, madaniy-ma’rifiy olami, milliy g‘oyasining asosi hisoblanadi.

Bugungi globallashuv va axborot tezkorligi zamonida til va undagi merosning mana shu mohiyatini anglamagan xalqlarda milliy qiyofa va qadriyatlarning nurashi borgan sari tezlashmoqda.

Darvoqe, bir qator mutaxassislar turli xalqlarda tilga berilgan turli ta’riflarni aniqlashgan. Bu ta’riflarning juda ko‘pi hayratlanarli, ayrim xalqlar til deganda tafakkur, falsafa, din, muloqot vositasi, urf-odatlar, mavjudlik vositasi, qarindoshlik belgisi, o‘tmish, kelajak va bugunni bog‘lab turuvchi omil, tarbiya vositasi, boshqa mavjudotlardan farqlovchi omil, ong, aqlni ifodalovchi organ, tanani bo‘ysundiruvchi ruh elementi va boshqa hodisalarni tushunishlari aniqlangan.

Shuningdek, 2020 yilda e’lon qilingan “Dunyoning eng chiroyli tillari reytingi”da italyan, ukrain, fransuz, turk tillari o‘zining ohangdorligi, arab, xitoy, fransuz, yapon tillari yozuvi bilan, italyan, fransuz, ispan, portugal tillari talaffuzi bilan dunyo e’tiborida ekanligi qayd etiladi.

Millatni asrash, uning ruhi, o‘zligi, madaniy ma’rifiy olami va milliy taraqqiyot g‘oyasini yuksaltirish o‘z-o‘zidan bo‘ladigan ish emas. Bunga Forobiy ta’kidlagani kabi “fozil jamiyat, adolatli boshqaruv tizimi va odil rahbarlar” kerak bo‘ladi. Shukrki, bugungi kunda mamlakatimizda bularning barchasi jamuljam va shu sababdan yurtimiz ruyi zaminning sayqal topgan hududlaridan biriga aylanib bormoqda.

Ko‘p ming yillik tarixi davomida yurtimiz ko‘plab istilochilarning zulmiga duchor bo‘ldi. Ayniqsa, o‘lkamiz qaramlik changaliga tushib qolgan istibdod davrlarida ona tilimizning rivojlanish imkoniyatlari cheklab qo‘yilgani hech kimga sir emas. Xalqimiz esa bu zulmlardan uni qalbi va tafakkurida asrad olib o‘tdi. Mustaqillik esa uning rivojlanishiga barcha imkoniyatlarni yaratdi. Bu o‘rinda ana shu xalqimiz qalbi va tafakkuri hamda mustaqillik g‘oyasi uyg‘unligining natijasi bo‘lgan 1989 yili yurtimizda “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani va ushbu huquqiy norma Konstitusiyamizda muhrlab qo‘yilganini alohida ta’kidlash lozim.

Ta’kidlash kerakki, o‘zbek tili xalqimizga munosib ravishda bag‘rikenglik tilidir. Eng qadimiy asos tillardan biri sifatida uning tarkibida bugun bir necha o‘nlab millatlar, bir necha yuzlab elatlar tillari so‘z va elementlariga, eng qadimiy va eng zamonaviy atamalar, mohiyatan abadiy eskirmas ko‘plab tushunchalarga duch kelish mumkin. Bular tilimizda o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolgan emas, albatta.

Har bir so‘z xalq tilida o‘zining moddiy yoki ma’naviy manbai bilan birga yuzaga kelishi qonuniyati nuqtai nazaridan qarasak, xalqimizga xos bag‘rikenglik, pokdillik, mehnatsevarlik, jamoaviylik, olijanoblik, bilimlilik, barkamollik va boshqa ko‘plab xislatlarning asl mohiyati oydinlashadi. O‘xshashlikni qarangki, bag‘rikenglik elda 140 ga yaqin millat va elatlar vakillarining tinch, farovon istiqomat qilishida namoyon bo‘lsa, bag‘rikenglik tilda 10 tilda o‘qish va nashr, eshittirish va ko‘rsatuvlar  amalga oshirilishida ko‘zga tashlanadi. Bu butun bir xalqqa xos til va dil birligi, so‘z va amal birligi degan ifodalarning ayni o‘zidir.

Tilimiz asrlar davomida ko‘p tillardan ta’sirlanganligiga qaramasdan, o‘zining asl negizlariga oid so‘zlar, tushunchalar va elementlarni eng ko‘p tashiydigan tillardan biridir. Bugun o‘zbek tilidagi so‘zlar va til elementlariga 200 dan ortiq alohida millat va elatlar sifatida hayot kechiradigan xalqlar tilida mavjud turkiy so‘zlar va til elementlarining mezonlashtirish vositasi sifatida qaraladi.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, o‘zbek tilini yaxshi bilish, unga yaqin bo‘lgan yana uyg‘ur, turk, tatar, ozarbayjon, boshqird, yoqut, qirg‘iz, qozoq, turkman, qoraqolpoq kabi 10 dan ortiq tilni tez va oson o‘rganishga qulay imkon yaratar ekan. Shunga muvofiq ravishda o‘zbek tilini ilmiy tadqiq etish bilan shug‘ullangan bir qator olimlarning fikrlariga ko‘ra bugungi o‘zbek tilida taxminan 1600 000 ga yaqin so‘zlar bo‘lib, so‘z boyligi nuqtai nazaridan u dunyo xalqlari ichida arab, ingliz tillaridan keyin uchinchi o‘rinda turadigan tillar qatoridan joy oladi.

Til tarixi va dealektlari ustida tadqiqot olib borgan olimlar o‘zbek tili tarkibida 100 000 dan ortiq arxaik so‘zlar mavjudligini, 150 dan ortiq turkiy elatlar (bugun ularning ba’zilari mustaqil xalqlar)ning tilida qadimiy va kam ishlatiladigan so‘zlar bugungi o‘zbek tilida qo‘llanilishini, shuningdek, tarixiy jarayonlar tufayli 80 000 dan ortiq so‘zlar o‘zbek tiliga boshqa (arab, fors, rus, ingliz, fransuz va boshqa) tillardan o‘zlashganligini ta’kidlaydilar. O‘zbek tilining sheva va lahjalari bilan bog‘liq hali o‘rganishga ulgurilmagan yana 200 000 dan ortiq deb taxmin qilinadigan so‘zlarni ham e’tiborga olsak, tilimizning naqadar boyligi va uning uchun Alisher Navoiy nomidagi til va adabiyot universiteti tashkil etilganligi qanchalar ulug‘ ish bo‘lganligi ma’lum bo‘ladi.

Adabiyot borasida ham aytish lozimki, ajdodlarimiz tomonidan yurtimiz hududida IX-XIX asrlar davomida taxminan 2 000 000 dan ziyod mustaqil, ilmiy va badiiy asarlar yaratilgan. Bu asrlar oralig‘ida mamlakatimiz boshiga tushgan turli kulfatlar natijasida 1 000 000 dan ziyod asarlar yo‘q qilingan yoki o‘zga yurtlarga tashib ketilgan, bugun dunyoning 100 dan ortiq muzeylarida ajdodlarimiz yaratgan 400 000 dan ortiq asarlar va ularning nusxalari saqlanadi, aytish kerakki ularning ko‘pchiligi hali to‘la o‘rganilgan emas.

Shu asrlar davomida yurtimiz hududidan turli mualliflar tomonidan e’tirof etilgan, tamaddun taraqqiyotiga aloqador asarlar yaratgan 400 000 dan ziyod ijodkorlar, olimlar, alloma va mutafakkirlar yashab o‘tganligi e’tirof etiladi. Bugun O‘zbekistonimiz muzeylari, qo‘lyozmalar fondlari, aholisi tasarrufida taxminan 450 000 dan ortiq asarlar saqlanishini e’tiborga olsak til va adabiyot yuzasidan tadqiqotlarning nima uchun kerakligi yanada oydinlashadi. Shuni ham aytish kerakki, ma’lumotlarga ko‘ra bugungi kunda O‘zbekiston aholisining 76 foizi kamida ikki tilda so‘zlasha va bir xorijiy tilni tushuna olar ekan. Mustaqillik yillarida olib borilgan ta’lim-tarbiya borasidagi islohotlar tufayli bugungi kunda 4 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston bolalarining 96 foizi kamida 10 she’r yod bilar ekan, badiiy adabiyotga qiziqish 98 % ni tashkil etar ekan.

1989 yili Davlat tili haqidagi Qonunning qabul qilinishi, 1990 yili Vazirlar Mahkamasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunni amalga oshirish davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori, 1993 yilda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonun, 1995 yili “Davlat tili haqida”gi qonunning yangi tahriri, 1996 yili ushbu qonunni amalga oshirishga qaratilgan davlat dasturiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish haqida Vazirlar Mahkamasining qarori va shu kabi 2019, 2020, 2021 yillarda til, imlo va alifbo yuzasidan qabul qilingan hujjatlar bu borada muhim ahamiyat kasb etdi.

Ana shunday ishlar qatorida o‘zbek tili va adabiyotining xalqimiz, jamiyatimizning ma’naviy rivojida, zamonaviy ilm-fan taraqqiyotida tutgan o‘rni va roli bilan bog‘liq dolzarb mavzularda muhim ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda, ko‘plab lug‘at va qomuslar, risola va darsliklar nashr etilmoqda. O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha mutaxassislar, ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, mazkur yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalalariga katta e’tibor berilmoqda.    

Til va adabiyotni rivojlantirish borasida olib borilayotgan siyosat bu sohada hali amalga oshirilishi lozim bo‘lgan bir qator masalalarni ham ko‘zda tutadi. Jumladan, undan ona tilimizning qo‘llanish doirasini kengaytirish, uning tarixiy ildizlarini chuqur o‘rganish va ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish, amalda dunyo xalqlari orasida tarqalayotgan innovasion texnologiyalarni yaxshi tushunish, undan unumli foydalanish uchun mazkur yangiliklarni o‘zbek tilida o‘qiy olish, zamonaviy texnologiyalarni o‘zbek tilida dasturlashtirish, fundamental fanlar, zamonaviy axborot va kommunikasiya texnologiyalari, sanoat, bank-moliya tizimi, yurisprudensiya, diplomatiya, harbiy ish va shu kabi o‘ta muhim tarmoqlarda o‘zbek tili o‘zining haqiqiy o‘rnini egallashiga erishish masalalarini kun tartibiga qo‘ymoqdaki, bu yuksak rivojlangan mamlakatga aylanishdek maqsadimiz yo‘lida mamlakatimizning nafaqat dunyo ijobiy yangiliklarini qabul qilish va tushunish, balki dunyoga o‘zbek innovasiyalarini taqdim etish kabi yechim bilan ham bog‘liq.

Mustaqillik yillarida  tilimiz ulug‘vorligini isbotlovchi ko‘plab tadqiqotlar amalga oshirib kelinmoqda, jumladan o‘zbek tilining shakllanishida qadimgi Turon chegaralarining bugungi O‘zbekiston hududida istiqomat qilgan turkiy xalqlar va elatlarning asosiy rol o‘ynaganiga ko‘plab dalillar aniqlanmoqda.

Davrimizda shunday xulosa ko‘plab xorijiy mamlakatlar ilmiy tafakkuriga ham singib bormoqda. Natijada bugun AQSH, Rossiya, Xitoy, Germaniya, Angliya, Fransiya, Yaponiya, Koreya, Italiya, shuningdek, Turkiya, Ozarbayjon, Tatariston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston kabi qator mamlakatlar oliy o‘quv yurtlarida o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganish yo‘lga qo‘yilgan. Tilimizga bunday munosabatning negizida avvalo yuksak suratlar bilan rivojlanib borayotgan ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizda barqarorlik, tinchlik, farovonlik, barkamollik, hamjihatlik va bag‘rikenglik maqsadlarining ustivorligi yotadi, albatta. Yana bir jihatdan esa bu ajdodlarimizning bizga qoldirgan merosi naqadar buyukligini anglatsa, boshqa bir jihatiga ko‘ra o‘zbek xalqi, tili va davlatining, uning tarixi va bugungi kunining Markaziy Osiyo mintaqasi taraqqiyotida qanchalik katta ahamiyat kasb etishini ifodalaydi.