Yangiliklar
612
O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi  va “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki o‘rtasida memorandum imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  2021 yil 15 iyuldagi “Respublikada o‘simliklar karantini va himoyasi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 6262-sonli farmoniga asosan o‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti va sohadagi izlanuvchilarning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangi innovasion tadqiqotlarni amaliyotga joriy qilganlik uchun 10 mlrd so‘m miqdorida grant ajratish to‘g‘risida 2021 yil 20 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi va “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Mazkur tadbir munosabati bilan ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani ham o‘tkazildi.

Anjumanda vazirlik va bank mas’ul xodimlari, jurnalistlar, blogerlar hamda soha mutaxassislari, olimlar ishtirok etishdi.

Memorandum doirasida “Agrobank” ATB hamda O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi  o‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti va sohadagi ilmiy izlanuvchilarning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yangi innovasion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish ishlariga qaratilgan loyihalarga grant mablag‘i ajratishda o‘zaro hamkorlik faoliyatini amalga oshiradi va hamkorlikda yangi istiqbolli ilmiy-innovasion loyihalarni ishlab chiqish maqsadida o‘zaro hamkorlik qiladi.

Ilmiy-tadqiqot ishlariga oid loyihalarni shakllantirishda quyidagi jihatlar inobatga olinadi:

- o‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti va sohadagi izlanuvchilarning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun yangi innovasion tadqiqotlarni amaliyotga joriy etishga qaratilgan ilmiy loyihalarni shakllantirishda zarur bo‘lgan yangi ishlanmalarni yaratish, yangi g‘oyalarni rag‘batlantirish;

- yaratiladigan ishlanmaning fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga mos bo‘lishi;

- respublika hududlarida sohaga oid aniq muammolarni ilmiy asosda hal etishga qaratilganligi;

- loyiha natijasida yakuniy mahsulotni (yangi ishlanmani) yaratilishi asoslanganligi;

- ishlanmaning raqobatbardoshliligi;

- loyihaning natijadorligi (mahsulot yoki takomillashtirilgan texnologiya);

- hamkorlikdagi ilmiy-tadqiqot ishlari yo‘nalishlari bo‘yicha yangi ilmiy ishlanmalar va texnologiyalarni respublika iqtisodiyot tarmoqlariga  joriy etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish;

- Innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirishga tavsiya etilgan ilmiy loyihalar (portfel)ni moliyalashtirish hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 15 iyuldagi PF-6262-son Farmoni talablarini bajarish;


Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi va “Agrobank” ATB o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldilar.