Agrobank.uz

Agrobank istiqbolli investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda faol

24.12.2019
Agrobank istiqbolli  investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda faol

Agrobank istiqbolli investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda faol

Joriy yilning 24 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi binosida “Agrobank” ATB tomonidan investitsion loyihalarni moliyalashtirish hamda xorijiy kredit liniyalarini jalb etish borasida olib borlayotgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda “Agrobank” ATB Bosh ofisining rahbar va xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Matbuot anjumanida ta’kidlandiki, bugungi kunda bank tomonidan nafaqat aholi va mijozlarga tezkor, ishonchli, zamonaviy bank xizmatlari ko‘rsatilmoqda, balki yirik tadbirkorlik sub’ektlarining istiqbolli, investitsion va eksportbop mahsulotlar tayyorlashga yo‘naltirilgan loyihalarini moliyalashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, bank tomonidan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish hamda xorijiy kredit liniyalarni jalb etish borasida 2019 yilning o‘tgan davrida respublikamiz hududlaridagi tadbirkorlik sub’ektlarining istiqbolli loyihalarini moliyalashtirish uchun jami 3,9 trillion so‘m miqdorida investitsiya kreditlari ajratilib, bugungi kunda investitsiya maqsadlari uchun yo‘natirilgan kredit qo‘yilmasining qoldig‘i 6,9 trillion so‘mni tashkil qilmoqda.

Bank tomonidan 2019 yilning o‘tgan 11 oyi mobaynida yo‘naltirilgan 3,9 trillion so‘m miqdoridagi investitsiya kreditlarining 48 foizi sanoatga, 14 foizi qishloq xo‘jaligiga, 5 foizi ijtimoiy ta’minot hamda iqtisodiyot tarmoqlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va boshqa sohalarga hamda 33 foizi qurilish, transport-kommunikatsiya tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash zarurki, joriy yil davomida bank tomonidan yirik investitsiya loyihalariga xususan, to‘qimachilik, tikuv-trikotaj sanoati yo‘nalishida ham keng ko‘lamli sa’y-harakatlar olib borildi.

Jumladan, Qashqadaryo viloyatidagi “Kitob ip yigiruv” AJning qiymati 27 million AQSh dollarlik, yiliga 38 million AQSh dollari miqdoridagi 11 ming 200 tonna kalava ip va 10 million pogonometr yoki 15 million AQSh dollari miqdoridagi tayyor mato mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyihasi moliyalashtirildi.

Shuningdek, Buxoro viloyatidagi “Vobkent tola klaster“ MChJning qiymati 25 million AQSh dollarlik, to‘qimachilik klaster faoliyatini tashkil qilish uchun Germaniyaning “Truchler” kompaniyasining yiliga 9900 tonna yoki 30,7 million AQSh dollari miqdorida kalava ip ishlab chiqarishga qaratilgan loyihasiga kredit ajratildi.

Bundan tashqari, Toshkent viloyatidagi “Maksim gold teks” MChJning qiymati 9 million AQSh dollari miqdoridagi yiliga 9300 tonna yoki 15 million AQSh dollari kalava ip ishlab chiqarishga qaratilgan loyihasi moliyalashtirildi.

“Agrobank” ATB tomonidan erkin iqtisodiy zonalardagi eksportga yo‘naltirilgan investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.

Bu borada “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan “Sirdaryo mega lyuks” MChJ misolida ko‘rishimiz mumkin. Ushbu korxonaning umumiy qiymati 60 million Yevroga miqdoridagi polipropilen granulalardan yiliga 25,5 ming tonna bioaksal plyonka ishlab chiqarishga qaratilgan loyihasi moliyalashtirildi.

Mazkur ishlab chiqarish korxonalarining biznes loyihalarning hayotga tadbiq ettilishi natijasida joylarda ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilishi bilan bir qatorda, u yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni eksportga ham yo‘naltirilmoqda.

Ma’lumki, Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan faol investitsion siyosat hamda investitsiyaviy muhitni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida tadbirkorlik sub’ektlarining tashabbuskorligi ortib, yangi taklif qilinayotgan loyihalarni amalga oshirilishida tijorat banklarining kreditlariga bo‘lgan talab ham ortib bormoqda.

Bu esa tijorat banklarining resurs bazasini mustahkamlash hamda doimiy ravishda xalqaro moliya institutlarining kredit liniya mablag‘larini jalb etish zaruriyatini yuzaga keltirmoqda.

Shundan kelib chiqib, bugungi kunda Agrobank tomonidan xalqaro moliya istitutlari bilan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va kredit liniya mablag‘larini jalb etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Hozirgi kunda Agrobank 12 dan ortiq xorijiy banklar bilan vakillik aloqalari hamda 10 dan ziyod xalqaro moliya institutlari bilan kredit liniya mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Xususan, bank tomonidan Germaniyaning “Kommersbank”i (Commerz Bank AG) “Yunikredit banki” (UniCredit Bank AG), “DZ banki” (DZ Bank AG) va “Landesbank”lari (LandesBank Berlin AG), Avstriyaning “Rayfayzen bank”i (Raiffeisen Bank International), Janubiy Koreyaning “KEB Xana bank”i (KEB Hana Bank) hamda Rossiyaning 4 ta (Sberbank, Aziya-invest bank, VTB bank, Promsvyazbank) yirik banklari bilan o‘zaro aloqalar o‘rnatilgan.

Agrobank tomonidan 2018 yilda xorijiy kredit liniya mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha Turkiyaning Ziraat banki bilan 20 million AQSh dollariga va Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi bilan 10 million AQSh dollari, jami 30 million AQSh dollari miqdorida kredit liniya mablag‘lari jalb qilingan bo‘lsa 2019 yilning 11 oyi davomida 100 million AQSh dollari miqdorida mablag‘lar jalb qilindi va ushbu mablag‘lar hisobidan 40 tadan ortiq investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltirildi.

Xususan, joriy yilda Germaniyaning Landesbank Baden-Vutemberg bilan 42 million AQSh dollari, Kommersbanki bilan 25,7 million AQSh dollari, Xitoyning Eksimbanki bilan 20 million AQSh dollari va Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasidan 6,1 million AQSh dollari miqdorida mablag‘lar jalb qilindi.

Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining suveren obligatsiyalarini joylashtirish hisobidan kelib tushgan mablag‘lar hisobidan 30 ta investitsiya loyihalariga 110 million AQSh dollari miqdorida kreditlar ajratildi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari va hududlarni kompleks rivojlantirish hamda xalqaro investitsiyalarni keng jalb etishga qaratilayotgan e’tibor, avvalo, aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bilan bir qatorda xalqimizning turmush farovonligini yaxshilashdan iboratdir.

Ana shu jarayonlarda Agrobank jamoasi ham yurtimiz iqtisodiyotini yanada taraqqiy ettirish, aholini tadbirkorlikka jalb etish va ularning biznes loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, aholi va mijozlar uchun qulay bo‘lgan innovatsion, interfaol va elektron bank xizmatlarini yanada rivojlantirish yo‘lida o‘zining munosib hissasini qo‘shaveradi.

“Agrobank” ATB Matbuot xizmati

Если увидели ошибку выделите данный текст и нажмите CRTL+ENTER
Hamma yangiliklar