Yangiliklar
529

Munosabat 

“Kun.uz” saytining “youtube” kanalida Xorazmlik tadbirkor Egambergan Jabborovga tegishli korxona kredit qarzdorligi sababli 4 milliard 680 million so‘mlik mulklar “Agrobank” balansiga o‘tkazib yuborilgani, ishda tegishli qonun hujjatlari inobatga olinmayotgani, Prezident qarori ijrosi yangi sud tartibida ko‘rib chiqilmayotganligi haqida so‘z yuritilgan.

Holat yuzasidan quydagilarni ma’lum qilamiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 18 noyabrdagi “Iqtisodiyot real sektori korxonalarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4053-sonli Farmoniga asosan tijorat banklari zimmasiga iqtisodiy nochor korxonalarni bank balansiga berish va ular faoliyatini qaytadan tiklash vazifasi yuklatilgan. 

Urganch shahar Davlat soliq inspeksiyasining Xorazm-maxsus-tuzatish-sozlash” OAJni bankrot deb topish to‘g‘risidagi arizasi yuzasidan qo‘zg‘atilgan ish bo‘yicha Xorazm viloyat xo‘jalik sudi 2009 yil 26 iyunda 22-0904/5623-sonli hal qiluv qaroriga asosan iqtisodiy nochor “Xorazm-maxsus-tuzatish-sozlash” OAJ bankrot deb topilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 19 noyabrdagi “Iqtisodiy nochor korxonalarni tijorat banklariga sotish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 4010-sonli farmoyishiga asosan Xorazm viloyati xo‘jalik sudining 2009 yil 18 noyabrdagi ajrimi bilan “Xorazm-maxsus-tuzatish-sozlash” OAJning mulklari bank balansiga berilgan. 

“Xorazm-maxsus-tuzatish-sozlash” OAJ negizida 2010 yil 11 yanvarda 100 foiz bank ulushi bilan ustav kapitali 3,5 mlrd. so‘m bo‘lgan “Agro-maxsus-tuzatish-sozlash” MChJ tashkil qilingan va bank tomonidan kiritilgan investisiyalar hisobiga korxonaning ishlab chiqarish faoliyati yo‘lga qo‘yilgan hamda 47 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.

2013 yilning 25 iyunida “Agro-maxsus-tuzatish-sozlash” MChJ ustav kapitalidagi bank ulushi ochiq savdolar orqali “O‘zbekiston temir yo‘llari” DAJKga qarashli “Xorazm temir yo‘l qurilish” unitar korxonasiga sotilgan. 

Bugungi kunda korxonaning mazkur bino-inshootlar bo‘yicha bank oldida qarzdorligi mavjud emas.