E'lonlar
670

Munosabat

Ijtimoiy tarmoqlar hamda ayrim ommaviy axborot vositalari orqali “Pul pulni chaqiradi” deb firibgarga “milliardlar”ini bergan korxona rahbari endilikda jabrlanuvchi sarlavhasi ostida xabarlar tarqatildi. 

Xabarda qayd etilgan holat yuzasidan Qo‘qon shahri Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mazkur holat yuzasidan bankning Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘iga tegishli organlar tomonidan kelib tushgan tezkor xabarnomaga asosan, ayblanuvchi - Qo‘qon filialining sobiq xodimi H.T.ning bankdagi faoliyati yuzasidan ham o‘rganishlar olib borildi. O‘rganishlarda sobiq xodimning ish faoliyati kassa operasiyalariga bog‘liq emasligi qayd etilgan. Shu bilan birga H.T. tomonidan bankning moddiy qiymatliklariga zarar yetkazilganligi yoxud depozitorlar hamda aksiyadorlarning moddiy manfaatlariga ziyon yetkazuvchi holatlar mavjud emasligi aniqlangan.

Shuni ta’kidlash kerakki, ushbu holatda jabrlanuvchi va ayblanuvchi fuqarolarning barcha o‘zaro pul oldi-berdi harakatlari bank filialida emas, balki, ish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan holda, ishdan tashqari vaziyatlarda sodir bo‘lgan. Shu bilan birga, ushbu holat yuzaga kelishida, afsuski jabrlanuvchining yirik miqdordagi moddiy qiymatliklarni begona shaxsga  topshirib qo‘yganligi sabab bo‘lgan. 

Bank shu ko‘rinishdagi har qanday salbiy  holatlarga nisbatan qat’iy pozisiyada bo‘lib,  tegishli huquq tartibot idoralari bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.

Shu o‘rinda “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki ayrim ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoq faollaridan shu va shu kabi boshqa vaziyatlarni chuqur tahlil qilmasdan turib, xususan, voqe’liklarga bankning qanchalik aloqador ekanligini o‘rganmasdan turib, o‘z xabarlari va postlarida bank nomiga ortiqcha urg‘u bermaslikka, bir so‘z bilan aytganda xolis bo‘lishga chaqiradi.

Zero, bu kabi materiallar mijozlarning bank tizimiga, pirovardida davlat siyosatiga bo‘lgan ishonchining asossiz pasayishiga, jumladan Agrobank ishchanlik  obro‘siga salbiy ta’sir o‘tkazadi deb hisoblaydi. 

Bank har qanday ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoq faollari uchun ochiq bo‘lib, vaziyatlarni o‘rganishni istagan har qanday shaxsga, bankka taalluqli vaziyatlar bo‘yicha tegishli ma’lumotlar o‘rnatilgan tartib va me’yorlar asosida, bank axborot xizmati tomonidan taqdim etilishi kafolatlanadi.

Bank matbuot xizmati