E'lonlar
396

Munosabat

“Bankir kundaligi” telegram kanallida bankning Chust tuman filiali binosida “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida imtiyozli kredit olish istagini bildirgan mijozlarga ta’minotchi tomonidan mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha bank xodimlarining joyiga chiqib  o‘tkazilgan monitoring natijalaridan norozi bo‘lgan fuqarolarning tortushuvlari aks etgan video lavha joylashtirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 martdagi PQ-4231-son “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Chust tuman bank xodimlaridan iborat ishchi guruh vakillari joylarga chiqib mahsulot yetkazib beruvchilar tomonidan mijozlarga mahsulot yetkazilganligi to‘g‘risida monitoringlar o‘tkazmoqda.

Xususan, bankning Chust filialiga “Har bir oila-tadbirkor” dasturi buyicha ta’minotchi korxonalar tomonidan fuqarolarga mahsulot yetkazish bo‘yicha murojaat qilingan.

Ushbu murojaatlar sektor rahbarlari tomonidan berilgan tavsiyanomalar ketma-ketligiga muvofiq mahsulot yetkazib berilganligi monitoring qilinmoqda. 

Hozirga qadar 224 ta qarz oluvchilarga mahsulot yetkazib berilganligi to‘g‘risida monitoring o‘tkazildi. Bunda 72  ta qarz oluvchi fuqarolar mahsulot olmasdan kreditni boshqa maqsadlarga sarflamoqchi bo‘lganligi aniqlandi.
 
Qolgan 152 ta fuqarolarga mahsulotlar ta’minotchi korxonalar tomonidan yetkazib berilgan bo‘lib, ushbu fukarorlarga kreditlar shakllangan resurs hisobidan ketma-ketlik asosida ajratilmoqda.

O‘tkazilgan monitoring natijasi bo‘yicha ta’minotchi korxonalar tomonidan mahsulot yetkazib berilmagan holatlar bo‘yicha joyida tegishli dalolatnomalar rasmiylashtirilib, barcha hujjatlar tegishli tartibda huquqiy baho berish uchun tuman prokuraturasiga taqdim qilinmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 martdagi PQ-4231-son “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori 8-bandida - tovarlar (xizmatlar) shartnoma asosida kelishilgan narxda yetkazib berilgandan (xizmatlar ko‘rsatilgandan) va loyiha egasi undan qanoatlanish hosil qilganidan so‘ng ajratiladi va mahsulot yetkazib beruvchi (xizmat ko‘rsatuvchi)ning hisobraqamiga o‘tkazib berilishi belgilangan.

Endi bank filialida bo‘lgan holatga e’tibor beradigan bo‘lsak, monitoring natijalaridan norozi bo‘lgan fuqaro ochiqdan-ochiq kredit hujjatlarini bank xodimlari yirtib tashlanganligi to‘g‘risida janjal ko‘targan.
 
Holat o‘rganilganda ta’minotchi korxona tomonidan fuqaroga tikuv mashinalari yetkazib berilmaganligi va bank xodimi tomonidan kredit hujjatlari yirtib tashlanmaganligi aniqlandi.

Shu salbiy holatda fuqaroning qo‘pol muomilada bo‘lganligi tufayli bank xodimi D.Ya. sog‘ligi jiddiy yomonlashgan va tuman tibbiyot bo‘limiga yotqizilgan.

Fuqarolar bilan qo‘pol muomalada bo‘lgan bank filial xodimiga chora ko‘rilgan.