Yangiliklar
811

Munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan “Agrobank”ka nima bo‘lmoqda?” nomli maqola yuzasidan “Agrobank” ATB quyidagilarni ma’lum qiladi:

Haqiqatdan ham, so‘nggi paytlarda bankimizda sodir bo‘lgan qonunbuzarlik holatlari, xususan imtiyozli mablag‘larni ishlatish jarayonida yo‘l qo‘yilgan noqonuniy hatti harakatlar to‘g‘risida bir qator xabarlar e’lon qilinmoqda.

Avvalambor shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, xabarlarda qayd etilgan holatlarning barchasi, bevosita bankda joriy qilinayotgan komplayens nazorat tizimi doirasida aniqlangan holatlar bo‘yicha tergov-surishtiruv organlariga qonuniy baho berish yuzasidan taqdim qilingan ma’lumotlar sirasiga kiradi. 

Amaliyotdan ma’lumki, imtiyozli mablag‘lariga talab doimo yuqori bo‘lib, bunga bog‘liq operasiyalar ichki firibgarlik (internal fraud) ga moyildir. Yuqoridagi holatlarning barchasi ham aynan shu – ayrim nopok niyatdagi xodimlarning mazkur mablag‘lardan maqsadsiz foydalanish kabi noqonuniy hatti-harakatlari natijasida kelib chiqqan. 

“Agrobank” o‘z xodimlari tomonidan sodir etilayotgan har qanday noqonuniy hatti-harakatlarni qattiq qoralab keladi va shu kabi holatlarga shubha paydo bo‘lgan taqdirda, o‘sha zahoti tegishli organlarni jalb qilib bormoqda. 

Shundan kelib chiqib, bank Kengashi va Boshqaruvi tomonidan bankda operasion risklarni kamaytirish, amaliyotlarda inson omilini minimallashtirishga qaratilgan ichki siyosat amalga oshirilmoqda.

Xususan, aynan risk boshqaruv tizimini takomillashtirish maqsadida xorijdan ekspertlar jalb qilindi va ular tomonidan har bir risk yo‘nalishlarini baholash va samarali boshqarish metodikalari joriy qilinmoqda. Bu yo‘nalishda so‘nggi paytlarda joriy qilingan yangiliklardan biri - markazlashgan anderrayting tizimi orqali kreditlash jarayonidir. Bu tizim zamonaviy xorijiy banklar tajribasi asosida kreditlash jarayonida inson aralashuvini kamaytirish hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qonun buzilish holatlarining oldini olishga qaratilgan.

Agrobank o‘z faoliyatini xolisona baholashga harakat qilayotgan har qanday ekspertlar, ommaviy axborot vositalari va boshqa ijtimoiy tarmoq faollari uchun hamisha ochiqlik tamoyilida faoliyat yuritadi hamda ularga bildirilayotgan fikrlar uchun minnatdorchilik izhor qiladi.

Bank matbuot xizmati