Yangiliklar
418

Moliyaviy savodxonlik va uni qanday oshirish mumkin? 

Shu va shu kabi boshqa savollarga javob berish maqsadida “Agrobank” ATB tomonidan ikkita viloyatdagi maktablarda yoshlar o‘rtasida moliyaviy savodxonlikni oshirishga qaratilgan maxsus darslar tashkil etildi. 

Tadbirlar Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi 6-sonli hamda Navoiy shahridagi 2-sonli umumta’lim maktablari o‘qituvchilari hamda yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazildi. Noan’anaviy o‘yin ko‘rinishida tashkil etilgan darslar maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilarida birdek katta qiziqish uyg‘otdi.

Moliyaviy savodxonlikni oshirishning ushbu o‘yin tarzidagi noan’anaviy usuli eng samarali usullardan biri bo‘lib, u ko‘nikmalarni amaliy qo‘llashni o‘z ichiga oladi va ularni qo‘llash natijasini deyarli darhol ko‘rish va his qilish imkonini beradi.

Maxsus darslar jarayonida ishtirokchilar jamg‘armalar, investisiyalar, ko‘chmas mulk, sug‘urta, soliq va pensiyani rejalashtirish kabi shaxsiy moliyani boshqarishning turli yo‘nalishlarida asosli va samarali qarorlar qabul qilish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar hosil qildilar. 

Shuningdek, dars qatnashchilari shaxsiy moliyani rejalashtirish, murakkab foizlar, kredit instrumentlarining qanday ishlashi, samarali jamg‘arma amaliyotlari, iste’molchilar huquqlari va turli iqtisodiy jarayonlar va hodisalar o‘rtasidagi munosabatlarni tushunish kabi moliyaviy prosesslar va hodisalar haqida bilib oldilar.

Dars natijalari bo‘yicha eng faol qatnashgan va qiziqishi yuqori bo‘lgan ishtirokchilar Agrobankning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Bank matbuot xizmati