Yangiliklar
568

Qadrli ustoz va murabbiylar!

Avvalo Sizlarni, Sizlar orqali o‘zining ilmu salohiyatini,
kuch-g‘ayratini yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishdek sharafli va mas’uliyatli ishga bag‘ishlab kelayotgan barcha soha fidoyilarini bugungi ulug‘ bayram “Ustoz va murabbiylar” kuni bilan samimiy muborakbod etaman.

Hayotda inson kim bo‘lmasin, qaysi sohada mehnat qilamasin shubhasiz, uning kamolotida o‘qituvchi va murabbiylarning beqiyos hissasi bor.
Biz o‘zimizdagi jamiki yaxshi fazilatlar, hayotda erishayotgan barcha yutuqlarimiz uchun ustozlar oldida umrbod qarzdormiz.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning “Sizlarning yoshlarimiz qalbi va ongiga ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini singdirish, ularni turli tahdidlardan asrash, komil inson etib voyaga yetkazish yo‘lidagi beqiyos xizmatlaringizni barcha ota-onalar, jamoatchiligimiz, butun xalqimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi”, -degan so‘zlari fikrimizning yaqqol tasdig‘idir.

Fidoyi, zahmatkash ustoz-murabbiylar o‘z shogirdlariga bilim berish barobarida ular qalbiga insonga xos eng go‘zal ezgu xislatlarni,
mehr-oqibat va odamiylik tuyg‘ularini ham singdirib boradi. Turli yo‘nalishlarda o‘z iqtidori, mahorati va bilim salohiyati bilan yuqori natijalarga erishib kelayotgan o‘g‘il-qizlarimizning muvaffaqiyatlari zamirida avvalo, aziz ustozlarning zahmatli mehnatlari mujassam.

Hozirgi raqobat kuchaygan, o‘ta murakkab bir davrda sohani yanada rivojlantirishda har tomonlama yetuk, barkamol yosh xodimlarning kasbiy mahoratlari va tajribalarining yuksalishida ustozlarning roli va o‘rni beqiyosdir. Xususan, o‘tgan qisqa davr ichida barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha erishgan yutuqlarimiz va xizmat ko‘rsatish sifatining oshishi ham siz aziz ustozlarimizning zaxmatli mehnatlari mahsulidir. Sizlar tarbiyalayotgan yetuk va malakali, zamon talablariga har tomonlama javob berishga qodir bo‘lgan kadrlarimiz bankimiz rivojiga o‘zlarining xissalarini qo‘shib kelishmoqda.

Ushbu qutlug‘ ayyomda sizlarning sha’ningizga eng go‘zal so‘zlar, ezgu tilaklarimizni izhor etar ekanmiz, barchamizning kamol topishimiz, jamiyatda munosib o‘rin egallashimizda bor bilim va tajribasini, qalb haroratini baxsh etib kelayotgan mehridaryo ustozlarimizga chin yurakdan bergan bilim va sabog‘ingiz uchun cheksiz minnatdorchiligimizni bildirib qolamiz.

Muhtaram ustoz va murabbiylar!

Dunyodagi eng sharafli va mashaqqatli kasb egasi bo‘lgan Siz azizlarni va sizlar orqali yurtimizning barcha ta’lim sohasi fidoyilarini “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bilan yana bir bor chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Barchangizga mustahkam sihat-salomatlik, xonadoningizga
tinchlik-xotirjamlik, faoliyatingizga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Sharafli kasbingiz ortidan hamisha shogirdlar va el-yurt ardog‘ida bo‘ling, qadrli ustozlar!

Bayramingiz muborak bo‘lsin!

Agrobank ATB Boshqaruvi raisi Rustam Mamatqulov