Yangiliklar
1142
Bank Boshqaruv raisining muhtarama ayollarimizga bayram tabrigi

Bank Boshqaruv raisining muhtarama ayollarimizga bayram tabrigi

Assalomu alaykum, aziz opa-singillar! 

Har yili yurtimizga bahor fasli kirib kelishi bilan barchamiz uchun qadrli bo‘lgan Xalqaro xotin-qizlar bayramini katta hursandchilikda kutib olamiz. 

Mana shu qutlug‘ ayyom – 8 mart bayrami bilan muhtarama onalarimizni, qadrli opa-singillarimizni, go‘zal qizlarimizni chin qalbimdan muborakbod etaman.

Hech shubhasiz aziz va moʻtabar bo‘lgan ayollar haqida so‘z yuritganda ko‘z oldimizga bizlarni dunyoga keltirgan, oq sut berib voyaga yetkazgan Onalar siymosi namoyon bo‘ladi. 

Onani e’zozlash, ayolga ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos bo‘lgan olijanob qadriyatlardan hisoblanadi. Shu sababli ham mehribon ayollarimizni yuksak qadrlaymiz, hurmat ko‘rsatamiz.

Bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirishda, aholi va mijozlariga sifatli, tezkor, zamonaviy bank xizmatlarini ko‘rsatishda bank xotin-qizlarining ham soha rivojida munosib xizmatlari borligi barchamizni quvontiradi. 

Bunday yutuq va marralarga erishishda ayollarimizning va jamoamizning birdamligi, o‘zaro mehr-oqibat hamda o‘z ishiga bo‘lgan ulkan mas’uliyatda deb bilaman. 

Oldimizda g‘oyat ulkan vazifalar va marralar turibdi. Bu mas’uliyatli sa’y-harakatlarni ahil jamoamiz jipsligida yorug‘ yuz bilan mardonavor bajarishga ishonaman.

Aziz va mehribon opa-singillar! 
Sizlarning shunday ochilib, hayotdan rozi bo‘lib yashashlaringiz uchun, baxtu iqbolingiz uchun bizlar doimo faol ish olib borishga tayyormiz.

Sizlarni yana bir bora nafosat va go‘zallik ayyom – 8 mart bayrami bilan bank Boshqaruvi nomidan tabriklab, sihat-salomatlik, oilaviy baxt, farzandlaringiz kamolini ko‘rishni tilayman.

"Agrobank" ATB Boshqaruv raisi Rustam Mamatqulov