Yangiliklar
444
Agrobank: xalqaro hamkorlikda o‘quvlar o‘tkazmoqda

Agrobank: xalqaro hamkorlikda o‘quvlar o‘tkazmoqda

Hozirda mamlakatimiz tijorat banklari faoliyatini transformasiya qilish jarayonlari izchillik bilan davom ettirilmoqda. 

Ushbu moliyaviy islohotlarning muvaffaqiyatli o‘tishi, biznes yuritishni xalqaro standartlarga mos ravishda tashkil etish hamda mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bilan bevosita bog‘liq. 

Bu esa o‘z navbatida sohani rivojlantirish startegiyasi ishlab chiqilishini talab etadi. Bank-moliya tizimiga zamonaviy bozor mexanizmlarini keng joriy etish Davlatimiz rahbarining joriy yilda parlamentga yo‘llagan murojatnomasida ham muhim vazifa sifatida e’tirof etilgan edi. 

Mamlakatimizning yirik moliya institutlaridan biri “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarni ayni yo‘nalishdagi o‘ziga xos yondoshuv deyish mumkin. Xalqaro ilg‘or tajribalarga asoslangan dasturda asosiy e’tibor bank xizmatlari ommabopligini ta’minlashda xodimlar malakasini oshirishga qaratilgan. 

Shu maqsadda tashkil etilgan o‘quv treninglari Agrobankning Andijon viloyati Ulug‘nor, Buxoro viloyati Vobkent hamda Jizzax viloyati Do‘stlik filiallarida bo‘lib o‘tdi. O‘quv jarayonlariga Yevropa banklari va moliya muassasalarida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan yetakchi mutaxasislar jalb etilgan.

Xalqaro ekspertlar va bankning ichki biznes-trenerlari hamkorligida o‘tayotgan o‘quv mashg‘ulotlari nazariy va amaliy jihatlarni o‘zida birlashtirgan bo‘lib, bu ishtirokchilarga zamonaviy bank xizmatlari hamda moliyaviy resurslardan samarali foydalanish bo‘yicha keng qamrovli bilim va tajribaga ega bo‘lish imkonini yaratmoqda.

Joriy yilda mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish ustuvor vazifa etib belgilangan edi. Bu jarayonda esa albatta tijorat banklari faoliyati asosiy o‘rin tutadi.  Chunki, raqamli texnologiyani moliya sohasiga joriy etmay turib boshqa tarmoqlarni ushbu yo‘nalishda rivojlantirib bo‘lmaydi.  

Ayni paytda xorijiy kompaniyalar hamkorligida bankning rivojlanish strategiyasidan o‘rin olgan 4 ta yirik IT loyihani amalga oshirish bo‘yicha ham ishlar boshlangan. Bundan tashqari transformasiya jarayonini tizimli tashkil etish maqsadida xorijiy kompaniya vakillari bilan birga jarayonlarni monitoring qilib borish ham nazarda tutilgan.

Darhaqiqat, bugun bank tizimida xizmat ko‘rsatishning zamonaviy bozor mexanizmlari joriy etilmoqda, ularning turlari kengaymoqda, tadbirkorlar va aholi uchun moliyaviy ochiq siyosat yuritish tizimi shakllanmoqda. Hududlarda ayniqsa uzoq tuman filiallarida bunday islohotlarni amalga oshirishning asosiy maqsadi esa – banklarni mijoz uchun ishlashga o‘rgatishdan iboratdir.