Yangiliklar
1483

Agrobank - So‘x tumani iqtisodiy rivojlanishida munosib ishtirok etmoqda

Bugun So‘x tumani chin ma’noda tog‘ bag‘ridagi javohirga aylanib bormoqda. Qisqa muddat ichida tumanda yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolar bosqichma-bosqich hal etilmoqda. O‘nlab kilometr yo‘llar taьmirlandi, yangi elektr tarmoqlari tortildi, aholining turmush sharoitlarini yaxshilash borasida yuzlab loyihalar amalga oshirilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 8 avgust kuni “2020-2021 yillarda Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

Bu borada tumani ijtimoiy-iqtisodiy hayotida ahamiyatli bo‘lgan ushbu loyihalar ijrosida  “Agrobank” aksiyadorlik tijorat bankning ham munosib ulushi bor. 

Ayni paytgacha bank moliyaviy ishtirokida amalga oshirilishi mo‘ljallangan 30 ta loyihaning 27 tasiga 9,6 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratib berilgan. 

Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida bank tomonidan oilaviy tadbirkorlikni boshlash uchun 6 milliard 584 million, chorvachilikni rivojlantirishga 2 milliard 817 million, tikuvchilik yo‘nalishi bo‘yicha 1 milliard 45 million so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilgan. Ushbu raqamlar bugun tumanda yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, aholining yashash va mehnat sharoitlarini yaxshilashga, daromad topish imkoniyatini kengaytirishga eng asosiysi hududning ijtimoiy-iqtisodiy farovonligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

“Agrobank” moliyaviy ishtiroki shundangina iborat emas. Bugun hududda kechayotgan bunyodkorlik va o‘zgarishlar nafasi tuman tibbiyot birlashmasiga ham yangi hayot bag‘ishladi. Odamlar najot istab keladigan ushbu manzil yangi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Shu paytgacha bemorlar oddiy tashxis uskunasi yo‘qligidan qo‘shni davlat chegarasidan o‘tib viloyat markaziga qatnashga majbur edi. Ushbu yaratilgan sharoitlar esa nafaqat tuman ahli balki shifo maskani tibbiyot xodimlari uchun ham katta tuhfa bo‘ldi.