Yangiliklar
460

Agrobank - O`zbekistonda ilk bor VISA-HUMO kobeydjing kartasini ishlab chiqdi

Avval xabar qilganimizdek, Agrobank O‘zbekiston tijorat banklari orasida ilk bor " VISA -HUMO" kobeydjing kartasini ishlab chiqdi. 

Joriy yilning 22 iyun kuni  “Agrobank” ATB Bosh ofisida Agrobank, VISA hamda  HUMO karta tizimlari vakillarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda kobeydjing karta qulayligi va imkoniyatlari,  to‘lov tizimi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda istiqboldagi vazifalar muhokama etildi. 

VISA kartasi vakili Kristina Doroshning ta’kidlashicha, ushbu kobeydjing karta tizimi nafaqat O‘zbekistonda, balki MDH davlatlari o‘rtasida ilk bor amaliyotga joriy etilmoqda.

Agrobankning Bank kartalariga xizmat ko‘rsatish departamenti direktori Zafar Mamajonovning fikriga ko‘ra, - Kartaning aholi uchun qulayligi yana shundan iboratki, u terminal va bankomat tanlamaydi, Agrobank tomonidan o‘rnatilgan barcha turdagi  terminal va bankomatlarda ishlatish mumkin. Pandemiya davrida butun dunyo internet orqali savdo qilayotgan bir paytda kobeydjing karta yordamida savdo qilish juda qulay. U aholining konvertasiya qilish uchun ketkazadigan vaqtini hamda mablag‘ini tejaydi. 

Kobeydjing karta orqali bir vaqtning o‘zida ikkita to‘lov tizimining afzalliklaridan foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lib, O‘zbekiston hududi hamda VISA kartasi qabul qilinadigan dunyoning 200 dan ortiq mamlakatlarida maxsulotlar va xizmatlar uchun  xorijiy valyutadagi to‘lovlarni avtomatik konvertasiya orqali amalga oshirish mumkin.

Uchrashuv doirasida tomonlar mazkur karta mijozlarini rag‘batlantirish maqsadida qimmatbaho sovg‘alar aksiyasini tashkil etishni reja qildilar.

Bank matbuot xizmati