Yangiliklar
641
Agrobank: hududlar iqtisodiyoti rivojlanishida faol ishtirok etmoqda

Agrobank: hududlar iqtisodiyoti rivojlanishida faol ishtirok etmoqda 

Muammo va kamchiliklarga eng quyi bo‘g‘inning o‘zida yechim topishi, islohot islohot uchun emas, eng avvalo odamlar manfaati uchun xizmat qilishi kerak.

Bu esa aholining kam ta’minlangan, ehtiyojmand qatlamini “temir daftar”, “ayollar va yoshlar daftari” kabi ro‘yxatidan chiqarib, oilalarning iqtisodiy ahvolini yaxshilashga xizmat qiladigan samarali yondoshuvga aylanib ulgurdi.

Ayni vazifalarni samarali va manzilli tashkil etish maqsadida joriy yilning 16 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Qoraqalpog‘iston Respublikasining tuman, shaharlariga ma’sul etib biriktirilgan vazirlik, idoralar va tijorat banklari rahbarlariga hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida ijrosini ta’minlash hamda joyiga chiqqan holda, aholi, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olish vazifalari topshirilgandi.

Bu borada “Agrobank” ATB tomonidan ham Amudaryo va Taxtako‘pir tumanlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida ustuvor islohotlar olib borilmoqda.

Xususan, Amudaryo tumanida kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida joriy yilda bank kreditlari hisobidan 30 ta 56,2 mlrd. so‘mlik loyihalar ishga tushirilib, 190 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. 

Taxtako‘pir tumanida ham ushbu dastur doirasida hozirda bank kreditlari hisobidan 30 ta 51,8 mlrd. so‘mlik loyihalar ishga tushirildi va 187 yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Shuningdek, temir daftardagi oilalarni turmush sharoitini yaxshilash, tadbirkorlikka jalb etish borasida ham amaliy ishlar boshlab yuborilgan.

Bank tomonidan Amudaryo tumanidagi temir daftarga kiritilgan ehtiyojmand oilalarga 200 million so‘mlik homiyligi hisobidan  71,2 million so‘mlik echki, 9,7 million so‘mlik ko‘mir mahsulotlari yetkazib berildi va “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlaridagi fuqarolarga 111,5 mln. so‘mlik moddiy yordamlar ko‘rsatildi.

Bu boradagi ishlar Taxtako‘pir tumanida ham izchil olib borilmoqda. Taxtako‘pir tumanida temir daftarlariga kiritilgan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish maqsadida bank 800 million so‘mlik homiyligi hisobidan 89 ta ehtiyojmand oilaga 89 bosh zotli qoramollar tarqatildi va bu orqali ularning bandligi ta’minlanib, temir daftardan chiqarildi.

Bank tomonidan hududdagi aholining yashash sharoitini yaxshilash va yangi yil bayramini ko‘tarinki, ruhda nishonlash maqsadida Amudaryo tumanida temir daftarda qolgan 106 ta oilaga, Taxtako‘pir tumanidagi 104 ta oilaga “Yangi yil bayrami” munosabati bilan oziq-ovqat mahsulotlari ham tarqatilmoqda.