Agrobank yashil obligatsiyalardan jalb qilingan mablagʻni toʻliq taqsimladi

ESG yangiliklari ·

“Agrobank” ATB 2024-yil 2-oktabrda chiqarilgan yashil obligatsiyalar boʻyicha mablagʻlarning taqsimlanishi va taʼsiri toʻgʻrisidagi ikkinchi hisobotni eʼlon qiladi.


2026-yil 1-sentabr holatiga koʻra, Agrobank obligatsiyalar chiqarish orqali jalb qilingan 455,1 mln AQSH dollari ekvivalentidagi mablagʻlarni toʻliq hajmda (100 foiz) butun Oʻzbekiston boʻylab yashil moliyalashtirish mezonlariga javob beradigan 23 317 ta kreditga yoʻnaltirdi.

 

Hisobot Xalqaro kapital bozorlari assotsiatsiyasining (ICMA) Yashil obligatsiyalar tamoyillariga muvofiq tayyorlangan. Unda Agrobank jalb qilingan mablagʻlardan qanday foydalangani hamda moliyalashtirilgan loyihalar qanday ekologik va iqtisodiy natijalar bergani batafsil yoritilgan. Bank mablagʻlarning eng katta qismini suvni tejaydigan texnologiyalarga yoʻnaltirdi: sugʻorish samaradorligini oshirishga 11 427 ta, quyosh panellarini oʻrnatishga 9 949 ta, elektromobillar xarid qilishga esa 1 941 ta kredit ajratildi.

 

Hisobotda keltirilgan baholarga koʻra, moliyalashtirilgan loyihalar har yili 1,35 mlrd kub metr suvni tejash hamda karbonat angidrid chiqindilarini qariyb 277 ming tonnaga qisqartirish imkonini bermoqda. Yillik energiya tejash hajmi 541,44 GVt·soatni tashkil etadi. Qarz oluvchilar uchun qoʻshimcha sof daromad va tejalgan mablagʻlar koʻrinishidagi umumiy yillik samara 97,7 mln AQSH dollariga baholanmoqda.

 

Agrobank Global yashil oʻsish institutiga (GGGI) Bankning Yashil moliyalashtirish konsepsiyasini (Green Finance Framework) ishlab chiqish hamda 2024-yilda obligatsiyalar chiqarishga tayyorgarlik koʻrishda koʻrsatgan koʻmagi uchun minnatdorchilik bildiradi.

 

2026-yil uchun hisobot boʻyicha emissiyadan keyingi mustaqil baholashni ICMA tashqi ekspertlari roʻyxatiga kiritilgan Greenewable Dynamics Ltd. kompaniyasi oʻtkazdi. Kompaniya toʻrtta asosiy komponentning har biri boʻyicha Yashil obligatsiyalar tamoyillariga muvofiqlikni tasdiqladi (Aligned bahosi). “Hissa” (Contribution) yoʻnalishi boʻyicha moliyalashtirilgan loyihalar taʼsiriga Old-growth bosqichi berildi. “Halollik” (Integrity) yoʻnalishi boʻyicha Clear maqomi berildi – ekspertlar eʼtiroz bildirish uchun asos aniqlamadi.

 

2026-yil uchun hisobotning toʻliq matni, jumladan, mablagʻlarning loyiha toifalari boʻyicha taqsimlanishi, taʼsirni baholash metodikasi va qarz oluvchilar tajribasidan misollarni quyida olishingiz mumkin.