Agrobank kreditlari endi TadbirCore.uz platformasida!
Agrobank tadbirkorlar uchun moliyalashtirishga yo‘lni yanada qisqartirdi. Endi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar Agrobankning biznes kreditlari bilan TadbirCore.uz raqamli platformasida tanishib, bank filialiga bormasdan onlayn ariza yuborishlari mumkin.
TadbirCore nima?
TadbirCore — O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki nazorati ostida yaratilgan raqamli kredit marketpleysi. Platformada Agrobank bilan birga 23 ta bank ishtirok etadi. Odatda kredit izlayotgan tadbirkor banklarga birma-bir murojaat qiladi, har biri uchun alohida hujjat yig‘adi va anketa to‘ldiradi. TadbirCore’da esa bitta ariza bir vaqtning o‘zida bir nechta bankka yuboriladi. Tadbirkor banklarning takliflarini bir joyda ko‘radi va o‘zi uchun eng ma’qulini tanlaydi.
Platformaning tadbirkor uchun afzalliklari
- Yagona ariza: har bir bank uchun alohida anketa o‘rniga bitta ma’lumotlar to‘plami to‘ldiriladi.
- Takliflarni solishtirish: kredit summasi, foiz stavkasi, muddati va imtiyozli davri bir jadvalda ko‘rinadi.
- Onlayn kuzatuv: ariza holati va banklarning javobi shaxsiy kabinetda ko‘rinib turadi.
- Aniq javob: ariza rad etilsa, uning sababi ko‘rsatiladi. Tadbirkor nimani yaxshilash kerakligini biladi va keyinroq qayta murojaat qila oladi.
- Hududdan qat’i nazar: ariza telefon yoki kompyuter orqali istalgan joydan yuboriladi.
Qanday kreditlar uchun ariza berish mumkin
- mikrokredit;
- kundalik xarajatlar va aylanma mablag‘ uchun kredit;
- biznesni rivojlantirish uchun uzoq muddatli kredit;
- yangi tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlari uchun kredit.
Qaysi kredit turi mos kelishini bilmagan tadbirkor platformadagi qisqa so‘rovnomaga javob berib, tavsiya olishi mumkin.
Ariza yuborish tartibi
- tadbircore.uz saytiga kiring va elektron raqamli imzo (ERI) orqali ro‘yxatdan o‘ting.
- Kredit turini tanlang va ommaviy oferta shartlari bilan tanishib chiqing.
- Kredit summasi, muddati, maqsadi va kompaniya ma’lumotlarini kiriting.
- Banklar ro‘yxatidan Agrobankni belgilang va arizani yuboring.
- Banklarning javobini shaxsiy kabinetda kuzatib boring.
- Agrobank taklifini qabul qilganingizdan so‘ng ko‘rsatilgan bank menejeri bilan bog‘laning va taklif raqamini ayting. Kreditni rasmiylashtirish shu bosqichda davom etadi.
Kreditlar faoliyat yuritayotgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun mo‘ljallangan. Ariza yuborishdan oldin ERI kalitingizni tayyorlab qo‘ying.
Ma’lumotlaringiz himoyada
Platforma “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonun asosida ishlaydi. Ma’lumotlaringizni qaysi bank ko‘rishini o‘zingiz hal qilasiz, platforma esa bank ilovalaringiz parolini so‘ramaydi va hisob raqamlaringizga kira olmaydi.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun:
- TadbirCore: +998 71 200-80-00, Telegram: @tadbircorebot